O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi «Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS"ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun muhim ilmiy- texnologik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Filial «MISiS"ning alohida tarkibiy bo‘linmasi sifatida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, ta’limning kelishilgan asosiy yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Filialda o‘qitish O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda «MISiS» MTTU tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Abituriyentlarni qabul qilish va filial bitiruvchilarining attestatsiyasi «MISiS» MTTU tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan «MISiS» MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialga 2018/2019 o‘quv yili uchun ta’limning kunduzgi shakli bo‘yicha qabul kvotasi jami 150 kishi, jumladan, bakalavriatning «Konchilik ishi» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 75 kishi, «Metallurgiya» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 50 kishi, «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha)» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 25 kishi etib belgilandi.

Filialga tekin foydalanish uchun Olmaliqdagi Navoiy davlat konchilik instituti binosi hamda Faoliyati tugatilayotgan Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji binosi ajratiladi.