Toshkent hokimi v. b. poytaxtda daraxtlarning kesilishi jarayonini shaxsan o‘z nazorati ostiga oldi. Bu haqda shahar ma’muriyati seshanba kuni ma’lum qildi.

«Bir necha o‘n yillik sog‘lom va shahrimizni chiroyiga chiroy bag‘ishlab turgan daraxtlarning ayovsiz kesib tashlanayotganligiga keskin barham berish maqsadida, mas’ul boshqarma va tashkilotlar Toshkent shahar hokimligi tomonidan qattiq ogohlantiriladi. Javobgarlikkacha tortish choralari ko‘riladi», — deyiladi bayonotda.

«Toshkent shahar hokimi poytaxtimiz aholisiga ushbu tartibsizliklarga uch kun ichida barham berilishi va bunday noqonuniy harakatlarga chek qo‘yilishini shaxsan o‘zi nazoratga olishini bildirdi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Hokimiyat fuqarolarni biror joyda daraxt kesilayotganda befarq bo‘lmaslikka chaqirib, buning oldini olish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ishonch telefoniga (277−75−43) yoki ichki ishlar idoralariga (233−72−33) qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi.

«Bu bilan siz xalqimizga tegishli bo‘lgan boylikni talon-taroj qilinishini oldini olgan bo‘lasiz! Hurmatli hamshaharlar Toshkent shahar hokimligi sizlarni ushbu ishlarda faol bo‘lishingizni so‘raydi», — deyiladi xabarda.