20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbektelekom» aksionerlari umumiy yig‘ilishida kompaniyaning yangi tuzilmasi tasdiqlandi, deya xabar qildi telekom-operator matbuot xizmati.

Asosiy kadr o‘zgarishlari yo‘nalishlar bo‘yicha direktorlar lavozimlarida kuzatildi. Yangi tuzilmaga operatorlar bilan ishlash va davlat organlari bilan hamkorlik bo‘yicha direktorlar kiritildi.

To‘rtta yangi ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi. Ular: korporativ boshqaruv markazi, chakana savdoni boshqarish markazi, personalni boshqarish markazi hamda Xaridlar boshqaruvi va xo‘jalik ta’minoti markazi.

Aksionerlarning umumiy yig‘ilishi jarayonida yangi tuzilmalarning joriy etilishi kompaniya faoliyatini yanada samarali tashkil etish, bozorning alohida segmentlari bo‘yicha faoliyatni jadallashtirish hamda istiqbolli yo‘nalish va loyihalarni moliyalashtirishni optimallashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.