O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bo‘yicha ayblanayotgan Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayev ishi bo‘yicha hukmning 7 may kuni o‘qib eshittirilishi kutilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 4 may kuni so‘nggi ishtirokchi Shavkat Olloyorov o‘zining oqlanishini so‘rab nutq so‘zladi.

U o‘z oilasining, jumladan nafaqaxo‘r ota-onasi va uch nafar voyaga yetmagan bolalarining yagona boquvchisi ekanini ta’kidladi.

Shavkat Olloyorov ota-onasi, biznes hamkorlari, do‘stlari, mahalla — «butun O‘zbekiston qarshisida» toza vijdon bilan chiqishni istashini aytib o‘tdi.

Bundan avval sudda Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov va Ravshan Salayev, shuningdek sudlanuvchilarning advokatlari so‘zga chiqdi. Prokuror Abdullayev uchun besh yil muddatga qamoq jazosi tayinlanishini, jinoiy ishning qolgan ishtirokchilari uchun esa oqlov e’lon qilinishini so‘radi.