Turkiyaning Çalık Holding xoldingi Toshkentda Turk ishbilarmonlik markazi, biznes-markaz, mehmonxona, Ziraat Bank idora binosi va savdo-ko‘ngilochar markazini quradi. Loyihaning umumiy qiymati 400 mln dollarni tashkil etadi, deya xabar qildi poytaxt hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Tillayev «Gazeta.uz"ga.

Dushanba kuni Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev va «Chalik Enerji» energetika kompaniyasi bosh direktori Ridvan Akturk Turkiya prezidenti tashrifi doirasida Turk ishbilarmonlik markazi qurilishi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Bundan tashqari, Jahongir Ortiqxo‘jayev Ziraat Bank bosh ijrochi direktori Husayn Aydin bilan poytaxtda Ziraat Bank idorasi va biznes-markaz qurilishi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Toshkent markazida ob’ektlar joylashtiriladigan yer uchastkasi maydoni taxminan 2,5 gektar bo‘ladi.