Hozirda «Istiqlol» san’at saroyi deb nomlanayotgan sobiq Xalqlar do‘stligi saroyi avvalgi nomi bilan ataladigan bo‘ldi. Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu taklifni ilgari surdi. Mazkur nutqdan parcha davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Yer yuzida juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda, dedi prezident.

«Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini abadiylashtirish uchun Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan Xalqlar do‘stligi deb nomlangan yodgorlik ansamblini poytaxtimiz markazidagi maydonga qaytarsak adolatdan bo‘lardi», — deya ta’kidladi u.

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga Shomahmudovlar nomi qaytariladi, deya qo‘shimcha qildi u.

«Metroni ham Xalqlar do‘stligi, maydon ham Do‘stlik maydoni va Istiqlol saroyini Xalqlar do‘stligi qilsak, bizning bag‘rikengligimiz… ota-bobomizdan qolgan va qoladi.

Ilohim bolalarimizga ham o‘tsin. Ana shu adolat bo‘ladi", — dedi prezident.

Xalqaro press-klub ma’lumotlariga ko‘ra, Shomahmudovlar oilasi yodgorligi bilan birga Xalqlar do‘stligi maydoniga 6×9 m hajmli O‘zbekiston bayrog‘i ilinadigan 50 mlik flagshtok ham o‘rnatiladi. Maydon hududi ko‘kalamzorlashtirilib, aholi dam olishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Video