Dushanba kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida «Ashxobod» sayilgohining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Maxtumquli ko‘chasida barpo etilgan mazkur park 10 gektardan ortiq maydonni egallagan. Sayilgoh oldi va hududida favvoralar qurilgan. Turkmanistonning ramzi bo‘lgan axalteki otlarining haykallari o‘rnatilgan.

Bu yerga zamonaviy attraksionlar, jumladan ulkan charxpalak o‘rnatilgan, manzarali daraxtlar, o‘rindiqlar, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, yugurish va velosiped haydash uchun yo‘lakchalar barpo etilgan.

Davlat rahbarlari sayilgohni ko‘zdan kechirdi. Turkmaniston Prezidenti o‘zini Ashxobodda yurganday his qilganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov boqqa daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.

Bunga qadar davlat rahbarlari 2017 yil may oyida o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi sharafiga Maxtumquli berilgan ko‘chada barpo etilgan shoir yodgorligi poyiga gullar qo‘ydi.

Turkmaniston rahbari tashrifi oldidan ko‘cha rekonstruksiya qilinib, yodgorlik bu yerda barpo etilgan piyodalar uchun xiyobon avvaliga ko‘chirildi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Toshkentga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga ham tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. U shuningdek O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga ham gul qo‘ydi.