Bunga qadar bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimida ishlagan Aktam Haitov O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Ushbu qaror kengash hay’atining Toshkentda bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilingan. Kengash raisi lavozimini egallab turgan Bahodir Yusupov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan vazifasidan ozod qilindi.

Yig‘ilishda sohani isloh qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlari, jumladan aholining tomorqa dalalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar yutuqlarini joriy etish orqali ishlab chiqarish hajmlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Aktam Haitov (1974 y. t.) o‘tgan yilning yozida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan edi. Unga qadar O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi («O‘zstandart») bosh direktori bo‘lib ishlagan.

2006−2014 yillarda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan (unga qadar vazir v. b.). 2014 yil sentyabridan esa «Biokimyo» AJning iqtisodiyot va rejalashtirish bo‘yicha direktori bo‘lgan.