«O‘qchi"ga bahor keldi. Poytaxt-shaharning qoq markazida katta qurilish ishlari olib borilayotganiga qaramasdan, ona tabiat o‘z so‘zini aytmoqda — daraxtlar qiyg‘os gullagan, oq, pushti va sariq gullar, yam-yashil maysalardan bahoriy ifor taraladi.

Bu yerlar bir vaqtlar hunarmandchilik, savdo-sotiq markazlaridan biri bo‘lgan. Qadim karvonlar Toshkentning Qo‘ymas (Qatag‘on) darvozasidan «O‘qchi» mahallasiga kirib kelgan. Anhorning so‘l sohilida qad ko‘targan Tali Qo‘ymas qo‘rg‘oni va darvozani Qatag‘on va Qiyot urug‘iga mansub o‘qchi sarbozlar qo‘riqlagan. Shu boisdan mahalla «O‘qchi» nomi bilan yuritilgan (manba: «Toshkent» ensiklopediyasi, 2009 yil).

Endi bu yerlar «O‘qchi» deb atalmaydi, eski, pana-pastqam uylar, tor va egri-bugri ko‘chalar o‘rnida zamonaviy ishbilarmonlik markazi bunyod etiladi. Mahalla o‘rnida mahobatli osmono‘par binolar qad rostlab, chinakam savdo va ishbilarmonlik markazi — Tashkent City`ga aylanadi.

Ayni paytda mahalla aholisi ko‘chish, uylarni buzish, qurilish ashyolarini yig‘ishtirish va olib ketish bilan band. Har qayoqda yuk mashinalari, ekskavator, ishchilarni ko‘rasiz. Bir taraf uyum-uyum tuproq bo‘lsa, bir tomon hali qo‘l tegmagan binolar…


Qadimiy mahallada kishini g‘alati o‘y-xayollar qurshab oladi. O‘tmish va kelajak chegarasida ikkilanib qolasiz ham: bu yerlar tarixiy joylar, bu inshootlar o‘tmishdan so‘zlaydi, mo‘’jaz turizm markaziga aylantirish ham mumkin edi, deysiz. Ikkinchi tomondan esa shahar markazida go‘yoki kimsasizdek kichik mahalla o‘rnida shahar husniga husn, ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlovchi, kelgusida nafaqat Toshkent, balki butun O‘zbekistonning fahru iftihoriga aylanishi mumkin bo‘lgan xalqaro ishbilarmonlik markazining bo‘lishi barcha uchun manfaatli degan fikrga borasiz.


Nima bo‘lganda ham, «O‘qchi» — tarixning bir bo‘lagi, bu suratlar esa vaqti-soati kelganda bugungi kunimiz haqida so‘zlaydi. Umid qilamizki, O‘qchi nomi butunlay unutilib ketmaydi, aksincha, uning hayotida yangi davr boshlanadi!

Foto