O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mira’lam Mirzayev, uning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li ishtirokida juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini xabar qildi.

Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovga nisbatan o‘tkazilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida olib borilmoqda. Avvalroq Bosh prokuratura Mira’lam Mirzayev va uning oila a’zolari qo‘lga olinganini inkor etgan edi.

«Agar Siz ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan pora olish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yoki boshqa jinoiy qilmishlar oqibatida jabrlanuvchi yoki guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz, Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishingiz yoki 233−63−33, 236−00−76 telefon raqamlari orqali xabar berishingiz mumkin», — deyiladi xabarda.