O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov Samarqand viloyatida yo‘lni tozalashga olib chiqilgan o‘qituvchining o‘limi sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook-sahifasida yozdi.

Ushbu haftada ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 23 yoshli maktab o‘qituvchisi Diana Yenekeyevaning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Uni hamkasblari bilan magistral yo‘lni tozalayotgan vaqtda uni yuk mashinasi bosib ketgan. Uning ortidan ikki yoshli o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i qoldi.

Diana Yenekeyevaning Kattaqo‘rg‘on tumani 42-maktabdagi hamkasbining Xabar.uz nashriga ma’lum qilishicha, o‘qituvchilar davlat rahbarining tashrifi arafasida «Samarqand-Buxoro» trassasi chetlarini tozalash uchun katta yo‘lga olib chiqilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga shanba kuni keldi.

«Qora «Lasetti"da kelgan XTB vakili bizga alohida hududni chegaralab berdi. Men unga «Bu — katta trassa, yuk mashinalari katta tezlikda yuradi, odamlarga yaqin yerda tezlikni pasaytirish lozimligini ko‘rsatuvchi yoki ta’mirlash ishlari ketayotganini bildiruvchi belgilar qo‘yilmaydimi, GAI (DYHXX) xodimlari bizga yaqin yerda turishmaydimi?» dedim. Ammo u «Ana, mashinalarida GAIlar o‘tiribdi, sizlarga qaraydi» deya mashinasiga o‘tirib, jo‘nab ketdi. Mashinadagi GAI xodimlari bizga yaqin ham kelishmadi, biror belgi ham qo‘yilmadi, birortamizga aqalli birorta bayroqcha ham berishmadi, keyin shu fojia sodir bo‘ldi. Biz yo‘l chetidagi daraxtlarni oqlayotgan, kimdir yo‘llarni supurayotgan, Dianalar to‘siqni ohaklayotgan edi. Katta tezlikda kelgan «KamAZ» Dianani urib ketdi…», — deydi u.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri Facebook`dagi postlardan biri ostida Komil Allamjonovga savol qoldirdi. «Hokimlar Prezident kelishidan sal oldin asosan o‘qituvchilarni katta va kichik yo‘l yoqalariga chiqarib tozalash ishlariga „majburlaydilar“. Shu to‘g‘rimi? Yoki bu kichkina masala hisoblanadimi? Bir necha kun oldin Samarqand katta ko‘chasini tozalayotgan vaqtda 23 yoshli o‘qituvchi mashina urib ketishi natijasida vafot etgan. Umuman shu kabi „hokimlarga xos“ an’ana qachon tugatiladi?» — deb so‘radi u.

Izohga javob berar ekan, Komil Allamjonov o‘qituvchining o‘limiga olib kelgan sabablar o‘rganilishini ma’lum qildi. «Bo‘lib o‘tgan hodisa albatta juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda. Natijasiga ko‘ra tegishli choralar belgilanadi. O‘z nomimdan marhumaning oila va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etaman», — dedi prezident matbuot kotibi.