O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyuta jinoyatlariga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda taqiqlangan medikamentoz preparatlari savdosiga ixtisoslashgani taxmin qilinayotgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

19 mingta tramadol tabletkasini (kuchli qaramlikni keltirib chiqaruvchi psixotrop opioid analgetik -tahr.) sotishga urinish vaqtida ikki nafar Qozog‘iston fuqarosi va O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.
Qo‘lga olinganlardan birining ma’lum qilishicha, preparatlar O‘zbekiston hududiga doimiy mahsulot yetkazib beruvchi shaxs — Qozog‘iston fuqarosi tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan. O‘zbekiston fuqarosi preparatlarni ulgurji sotib olib, chakana sotish va shaxsan iste’mol qilishni maqsad qilgan.

Ayni paytda ushbu ish bo‘yicha tergovgacha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Respublika Narkologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda 104 nafar, 2016 yilda esa 130 nafardan ortiq avval geroinga qaramlikdan aziyat chekib so‘ngra tramadol iste’moliga o‘tgan bemor davolanib chiqdi.