Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzurida jami 45 ta shtat birliklaridan iborat Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Mazkur boshqarmadagi lavozimlarning asosiy qismi xorijiy tillarni biladigan xodimlar bilan jamlandi. Ular navigatsiya tizimi va elektron tarjima dasturlaridan foydalanishlari uchun karta va planshetlar bilan ta’minlangan.

O‘tgan yilning noyabrida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabzda turizm xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini tasdiqlagan edi. Unga muvofiq, Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatilari ichki ishlar boshqarmalari huzurida xavfsiz turizm boshqarmalari tashkil etildi. Ularga IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi.

Sanab o‘tilgan viloyatlar IIBlarida xavfsiz turizm holatini monitoring qilish, sayyohlarni potensial xavflardan xabardor qilish hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun situatsion markazlar tashkil etildi.