Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi xodimlari Shohimardonsoy orqali Qirg‘iziston hududidan giyohvand moddalarni olib o‘tish bo‘yicha jinoiy operatsiyani bartaraf etdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi xabar qildi.

10 fevral kuni 23:30 da Farg‘ona tumanida Shohimardonsoy daryosi bo‘ylab qariyb 1 kg miqdorida gashish giyohvandlik moddasi bo‘lgan uch litrlik polietilen idish aniqlandi.

Mazkur yuk Farg‘ona tumani «Bo‘ston» qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Yodgor Esonovga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Tergov jarayonida u qishloqdoshi Olim Hakimov va marg‘ilonlik Rustam Qambarov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Qirg‘iziston fuqarosi Olmos ismli shaxs bilan qo‘shni davlat hududidan Shohimardonsoy orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga kelishadi.

Giyohvand modda plastik idish ichida bo‘lgan, mitti fonarcha esa mayoq vazifasini bajaradi. Olim Hakimov va Yodgor Esonov jo‘natmani ilib olishi kerak edi, biroq chegarachilar jinoiy operatsiyani bartaraf etdi, deyiladi reportajda.

Shundan so‘ng «Bo‘ston"da, Yodgor Esonov qorovul bo‘lib ishlagan «Agrobank» Farg‘ona viloyati boshqarmasi dam olish uyi ombori ko‘zdan kechirildi. O‘tinlar tagidan 1,8 kg dan ziyod miqdorda giyohvand modda aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan modda o‘zida tetragidrokannabinol moddasini saqlaydi.giyohvand moddaning umumiy vazni 2,8 kg dan oshdi.

Mazkur holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati MXX boshqarmasi Yodgor Esonov, Rustam Qambarov va Olim Hakimovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov jarayoni davom etmoqda.