O‘zbekistonda joriy yilda telefon raqamlari yetti belgilidan to‘qqiz belgili formatga o‘tiladi, deya xabar qildi «O‘zbektelekom» kompaniyasi. Bunday rejalar to‘g‘risida «Gazeta.uz» 2014 yilda yozgan edi.

Qaror Xalqaro elektroaloqa kengashi tavsiyalari va 2013 yilda joriy etilgan «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlashtirish tizimlari va rejalari» hujjati talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

«O‘zbektelekom"ning xabar qilishicha. 2018 yilda telefon raqamlari biz avval termagan hudud kodi hisobiga uzunroq bo‘ladi. Shu orqali shaharlararo raqamlarga terish jarayoni soddalashtiriladi ham.

Masalan: biror viloyatdagi qayd qilingan aloqa abonentiga qo‘ng‘iroq qilish uchun 71XXXXXXX, 62XXXXXXX, mobil aloqa uchun esa 90XXXXXXX, 93XXXXXXX, 97XXXXXXX, 98XXXXXXX vahokazo raqamlarni terish talab qilinadi. Xalqaro formatdagi telefon raqamlari avvalgidek 12 raqamdan iborat bo‘lib qolaveradi (99871XXXXXXX, 99899XXXXXXX vahokazo).

To‘qqiz belgili tizimga o‘tish mobil operatorlarida raqamlar diapazonining deyarli tugab qolgani va aloqa xizmatlariga bo‘lgan talabning kun sayin oshib borayotgani bilan izohlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilda favqulodda xizmatlar telefon raqamlari kombinatsiyasida xuddi shunday o‘tish amalga oshirilgan edi.