Qozog‘istonning Petropavlosk shahridan Toshkentga yo‘l olgan avtobusdan evakuatsiya qilingan O‘zbekiston fuqarolari Vatanga muvaffaqiyatli qaytib keldi. Bu haqda mamlakat FVV xabar qildi.

21 yanvar kuni taxminan soat 23:10 da O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Boltaboyev FVV tezkor shtabining 147−10−50 telefon raqamiga aloqaga chiqib, Qozog‘istonning Sho‘rtandi tumani hududidagi A1 «Ostona-Borovoye» yo‘lining Ostonaga 54 km masofa qolgan qismida salonida 43 nafar, jumladan ikki nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Setra avtobusi to‘xtab qolganini ma’lum qildi.

Avtobus «Petropavlovsk-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan bo‘lgan. Avtobusning to‘xtab qolishiga -40 daraja sovuqda dizel yonilg‘isining muzlab qolgani sabab bo‘lgan.

FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi tezkor navbatchisi zudlik bilan O‘zbekiston TIV va Qozog‘iston FVQ FVBM bilan bog‘landi.

O‘zbekiston FVV, Qozog‘iston IIV FVQ va joylardagi hukumat organlarining hamkorlikdagi kuchlari tomonidan yo‘lovchilar Sho‘rtandi tumanidagi 5-sonli agrotexnika kolleji yotoqxonasida tashkil etilgan isitish punktiga evakuatsiya qilindi. Ularga issiq joy, issiq ovqat taqdim etilib, tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Fuqarolarni tez fursatlarda Vatanga qaytarish uchun O‘zbekiston FVV va Qozog‘iston IIV FVQ ularga «O‘zbekiston temir yo‘llari» poyezdlarining platskart vagonlarida bepul yo‘lga chiqish taklif qilindi. Yomon ob-havo va sovuq haqidagi ogohlantirishlarga qaramasdan, faqatgina besh nafar yo‘lovchi rozi bo‘ldi. Qozog‘iston IIV FVQ xodimlari ularni Ostona vokzaliga eltib qo‘yishdi.

Qolgan yo‘lovchilar avtobusda yo‘lni davom ettirishni ma’qul ko‘rishdi. 25 yanvar kuni 22:00 da ular O‘zbekistonga yetib keldi.