O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida avtobusning yonib ketishi oqibatida halok bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, deya xabar berdi «O‘zbekiston 24» kanalining «Axborot 24» dasturi.

Davlat topshirig‘i bilan bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida maxsus hukumat komissiyasi tashkil etildi. Ushbu komissiya 18 yanvar kuni avtobusning yonishiga olib kelgan sabablar, halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari shaxsini aniqlash va halok vafot etganlarning oilalariga zarur yordamlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Avtobus payshanba kuni ertalab «Samara-Chimkent» yo‘lining Irgiz tumani hududida yonib ketgan. 52 kishi halok bo‘ldi, 5 kishi jarohatlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilarning katta qismi O‘zbekiston fuqarolaridir.

Bir qator davlatlar rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga hamdardlik bildirdi. Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z murojaatida shunday dedi: «O‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishga hamdard bo‘lar ekanman, Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘z nomimdan halok bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman». Qozog‘iston Prezidenti topshirig‘i bilan fojia sabablari va tafsilotlarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov o‘z hamdardlik telegrammasida shunday deydi: «Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan fojiali hodisa natijasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vafot etgani munosabati bilan Qirg‘iziston Respublikasi xalqi va shaxsan o‘z nomimdan hamdardlik bildiraman. Halok bo‘lganlarning yaqinlari va qarindoshlariga chuqur hamdardlik so‘zlarimni yetkazib qo‘yishingizni so‘rab, jabrlanganlarning tez orada sog‘ayib ketishini tilab qolaman».

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamdardlik maktabida shunday deydi: Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyatida 52 kishining o‘limiga olib kelgan yo‘lovchi avtobusida kelib chiqqan yong‘in haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qarshi oldim. Hurmatli Shavkat Miromonovich, Tojikiston Respublikasi xalqi va Hukumati nomidan halok bo‘lganlarning yaqinlari va qarindoshlariga hamdardligimiz va qayg‘udosh ekanimizni, shuningdek mazkur fojiada jarohatlanganlarga tez orada tuzalib ketishiga tilakdosh ekanimizni yetkazib qo‘yishingizni iltimos qilib qolaman".