Adliya vazirligida O‘zbekiston Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar qildi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita. Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni akademiyani tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.

Akademiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi diniy va dunyoviy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasidir.

16 yanvar kuni Adliya vazirligi vakili Musulmonlar idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov va Islom akademiyasi rektori Ne’matulla Ibragimovga akademiyaning ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi guvohnomani topshirdi. Muftiy Usmonxon Alimov OTMning tashkil etilishi mamlakatdagi musulmonlar uchun katta sovg‘a bo‘lganini ta’kidladi.

Islom akademiyasida qur’onshunoslik, tafsir va fikh, hadisshunoslik, kalom ilmi yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi. Bundan tashqari, bu yerda bazaviy doktorantura va doktorantura ham faoliyat ko‘rsatadi.

Ta’lim olish va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun to‘lov-shartnoma asosida O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar fuqarolari qabul qilinadi. Mustaqil tadqiqotchilar uchun masofaviy ta’lim va mustaqil tadqiqot olib borish imkoniyatlarini joriy etish rejalashtirilgan.