O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Novo-Ogaryovo qarorgohida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi. Uchrashuvda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova va Tojikiston prezidentlari ham ishtirok etdi.

Vladimir Putin davlat rahbarlarini tashrifi bilan qutlab, Rossiyaning MDHga raisligi yakunlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Joriy yil o‘zaro integratsiyani mustahkamlash va tashkilot nufuzini oshirish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilda O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini ta’kidladi. O‘zaro manfaatli hamkorlik a’zo davlatlarni uzviy bog‘lab turishi, ushbu uchrashuv aloqalarga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.

Uchrashuvda Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqaga tahdid va xatarlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi.

1 yanvardan MDH raisligi Tojikistonga o‘tadi.