Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev payshanba kuni Toshkentda tahsil olayotgan sirdaryolik yoshlar, turli yo‘nalishda ilmiy faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi, deya xabar qildi O‘zA.

Tadbirda viloyatda yosh kadrlarni ish bilan ta’minlash, ularga munosib sharoitlar yaratib berish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar katta qiziqish uyg‘otdi. Shu maqsadda Guliston shahridagi «Buyuk kelajak» мавзесида 68 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Bu uylarda yosh mutaxassislarga xonadonlar ajratilishi rejalashtirilgan.

«Aholi turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida barcha imkoniyatlarimizni ishga solganmiz, — dedi hokim. — Bu kabi ishlarni yanada shijoat bilan bajarishimizda siz kabi bilimdon, fidoyi yoshlarga tayanamiz».

Tadbirda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham ishtirok etdi.