O‘zbekiston Yaponiya, Janubiy Koreya va Singapur fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etish, shuningdek elektron viza tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatning payshanba kuni bo‘lib o‘tgan 13-yalpi yig‘ilishida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur choralar 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan O‘zbekiston viza rejimini liberallashtirish chora-tadbirlari doirasida amalga oshirilmoqda. G‘ayrat Fozilovning ma’lum qilishicha, yaqinda Turkiya va Polsha fuqarolari uchun joriy etilgan vizalarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartiblari yana 25 ta mamlakat uchun qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda Yevropaning 10 davlati, Malayziya, Tailand va Yaponiya fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etilgan.