O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekovni qabul qildi. bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston parlamenti nufuzli delegatsiyasining mazkur tashrifi joriy yil Toshkent va Bishkek shaharlarida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bu davlatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Tomonlarning amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy siyosiy irodasi, turli darajadagi aloqalar va tashriflar faollashgani qisqa muddatlarda salmoqli natijalarga erishish va o‘zaro munosabatlarni aniq amaliy mazmun bilan boyitish imkonini bergani alohida qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Dostondek Jumabekov Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.