Osiyo taraqqiyot banki direktorlar kengashi Tallimarjon issiqlik elektrostansiyasida quvvati 850dan 950 gacha MVt bo‘lgan qo‘shimcha energiya ishlab chiqaruvchi uskunani o‘rnatishga 450 mln dollar ajratilishini tasdiqladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar qildi.

«O‘zbekiston energetika sektori va uning energiya ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish mamlakat iqtisodiyoti va taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamentining energetika bo‘yicha mutaxassisi Syong Dak Kim. — OTBning ko‘magi O‘zbekistonga mamlakatda o‘sib borayotgan energetik talabni qondirish va energetika sektori barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi».

Hozirgi kunda respublika YAIMda energetika sektorining ulushi 10 foiz yoki mamlakat umumiy eksport hajmining 25 foizga yaqinini tashkil etadi. Biroq elektr energiyasiga bo‘lgan talab mavjud quvvatlarga nisbatan o‘sib bormoqda. OTB ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilga borib u 14600 GVt/soatga yetadi.

Tallimarjon IESga yangi uskunalarning o‘rnatilishi uning umumiy quvvatini 2600 MVtga oshirish va issiqlik samaradorligini 48 foizdan 52 foizga ko‘tarishga xizmat qiladi.