O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori, akademik Shavkat Solihov ilm-fan sohasida qo‘lga kiritgan katta yutuqlari uchun Xitoy Fanlar akademiyasining xorijiy a’zoligiga saylandi, deya xabar qildi O‘zA.

Shavkat Solihov Xitoy Fanlar akademiyasiga O‘zbekistondan saylangan birinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan rossiyalik olim, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Jores Alfyorovdan keyin saylangan ikkinchi olimdir.

Shavkat Solihov rahbarligida biologik faol birikmalarni ajratish va ularning tuzilishini va amalga oshiradigan mexanizmini o‘rganish asosida o‘ndan ortiq original dori vositasi ishlab chiqarilgan. Bu tadqiqotlar natijasida virus va yallig‘lanishga qarshi, qon to‘xtatuvchi ta’sirga ega preparatlar bugungi kunda tibbiy amaliyotda keng qo‘llanilmoqda.

Olimning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda Xitoy FAning birinchi xorijiy markazlaridan bo‘lgan dori preparatlarini tadqiq etish va ishlab chiqish Markaziy Osiyo markazi tashkil etilmoqda. Bu yerda yaratiladigan dori vositalarini kelgusida Xitoy va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Bu yil Xitoy Fanlar akademiyasiga sakkiz mamlakatdan 16 olim saylangan. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, Manchester universiteti professori Andriy Geym (Buyuk Britaniya) va Shimoli-G‘arbiy universitet professori Jeyms Freyzer Stoddart (AQSH) ham bor. Xitoy FAning xorijiy a’zolari soni jami 800 nafarni tashkil etadi.