O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni Toshkentning Sergeli tumanida qurib bitkazilgan yangi uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

13 gektar maydonda 66 ko‘p qavatli uy-joy qad rostlagan. 1, 2, 3 xonali bu uylar aholiga imtiyozli kreditlar asosida berildi. Massivda 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 630 o‘rinli o‘rta ta’lim maktabi, 61-oilaviy poliklinika, yopiq suzish havzasi, shahar militsiya bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, velotrassa barpo etilgan.

Prezident yangi xonadonlarda bo‘ldi. Yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi. Ularni yangi xonadon bilan tabriklab, sovg‘alar taqdim qildi. Bu yerga ko‘chib kelayotganlarni ish bilan ta’minlash masalasi ham dolzarbdir. Kelajakda quriladigan korxona va ishlab chiqarish ob’ektlari bu uylarga yaqin joyda bo‘lishi muhim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Davlat rahbari kelajakda quriladigan bu kabi uylarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.

Mavzedagi ko‘p qavatli uylarning 100 dan ortiq kirish yo‘lagi va 22 gavjum joyga videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Mazkur massivda xususiy uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi professional boshqaruv kompaniyasi ish boshladi

Prezident Sergeli IIB qoshidagi 50-shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan muloqot qildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev yangi barpo etilgan zamonaviy suzish havzasini borib ko‘rdi. Suzish havzasining uzunligi 25 metr, eni 11 metr. Kuniga 150−200 kishini qabul qiladi. 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan inshootda yoshlarning suzish texnikasini o‘rganishi va mahoratini oshirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

«Yurtimiz iqlim sharoitiga, yoz va qish fasliga moslab Toshkent shahrining har bir tumanida 10 tadan zamonaviy suzish havzasi qurish kerak, ularni barpo etishda sifatli qurilish materiallaridan foydalanish lozim», - dedi davlat rahbari. U bolalarni sportning ushbu turi bilan shug‘ullanishga yanada keng jalb qilish, suzish texnikasini o‘rgatadigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Davlat rahbari 61-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdi. Uch qavatli, 250 qatnovga mo‘ljallangan tibbiyot maskanida ultratovush tashxisi, raqamli rentgen, elektrokardiografiya, fizioterapiya, klinik va biokimyo laboratoriya bo‘limlari, kunduzgi shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Terapevt, pediatr, jarroh, otolaringolog, okulist, nevrolog, immunolog kabi tor soha mutaxassislari tomonidan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Oilaviy poliklinikadagi asosiy yangiliklardan biri — bu bemorlarni navbatga yozish bo‘yicha elektron tizim joriy qilinganidir. Bemor shifokor qabuliga poliklinikaga kelmasdan turib, internet yoki telefon orqali ro‘yxatxonada o‘rnatilgan tizim yordamida navbatga kiritiladi. Prezident ushbu tizimni 61-oilaviy poliklinika misolida namunaviy qilib poytaxtdagi barcha birlamchi tibbiyot muassasalariga joriy etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Prezidentning tashrifi doirasida Sergeli tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.