O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek milliy maqomchilik san’atini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

«Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi», - deyiladi hujjatda. «Shoshmaqom» YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan.

Qarorda o‘zbek maqom san’atini chuqur o‘rganib, o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning «oltin fondi"ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targ‘ib qilish maqsadida davlat muassasasi shaklida O‘zbek milliy maqom san’ati markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan o‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Yangi markaz O‘zbekistonda maqom san’atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar va an’analarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganish va qayta tiklash hamda mumtoz musiqa merosi namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, maqom san’atining ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bog‘liq jihatlarini mahalliy olimlar va chet ellik mutaxassislar ishtirokida chuqur o‘rganib, yangi ilmiy tadqiqotlar yaratish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, maqom san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llarini puxta o‘zlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga o‘rgatib kelayotgan maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar, Maqom markazi xodimlari faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashuvlari, anjumanlar, konsertlar va mahorat darslarini tashkil etishni o‘z zimmasiga oladi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Musiqiy sharqshunoslik kafedrasi negizida «O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi» kafedrasini tashkil etish, viloyatlardagi pedagogik oliy ta’lim muassasalarining musiqiy ta’lim yo‘nalishida maqom san’atini maxsus fan sifatida o‘qitishni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Maqom yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan ijodiy jamoalar, ansambllar 2023 yilgacha barcha soliq to‘lovlaridan ozod этилди. Qaror bilan uch oy muddatda viloyatlarda yangi namunali maqom ansambllari tashkil etish topshirildi.

2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish белгиланди. Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va milliy sozlar laboratoriyasi tashkil etiladi.