O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ilk bor mudofaa.uz manzili bo‘yicha rasmiy saytini ishga tushirdi. Sayt taqdimoti payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

Vebsayt Mudofaa vazirligi faoliyati ochiqligini ta’minlab, mamlakat Qurolli Kuchlari bilan bog‘liq tadbirlar va hodisalarni tezkorlik bilan yoritish, shuningdek jamoatchilik bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi.

Saytda vazirlik, uning vazifa va vakolatlari haqidagi axborotlardan tashqari, bo‘sh ish o‘rinlari, Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi, Qurolli Kuchlar Muzeyi, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham keltirib o‘tilgan.

Multimedia bo‘limida esa foydalanuvchilar «Vatanparvar» teleko‘rsatuvi va boshqa teledasturlar bilan tanishishlari, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni tinglashlari mumkin. Yuridik maslahatlarni tashkil etish va boshqa foydali axborotlarni e’lon qilish rejalashtirilgan.

UZINFOCOM markazi tomonidan ishlab chiqilgan sayt sinov rejimida faoliyat ko‘rsatmoqda.