O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish bo‘yicha ta’lim markazi tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasi 13 noyabr kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji binosida faoliyat ko‘rsatuvchi markaz gumanitar, pedagogik va muhandislik-texnik yo‘nalishlarda oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Ta’lim afg‘on tomonining arizasiga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan o‘quv rejalari va dasturlari asosida kunduzgi yoki sirtqi shakllarda amalga oshiriladi. O‘qish muddati tezlashtirilgan shaklda bo‘lishi mumkin. Akademik guruhlar belgilangan maqsad, milliy-madaniy o‘ziga xosliklar va ta’lim tiliga bog‘liq ravishda turlicha shakllantirilishi mumkin. Chet el fuqarolari uchun o‘rnatilgan to‘lovlarning yarmi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan qoplanadi.

Markaz yangi talabalar shaharchasiga joylashtirilib, unda yotoqxonalar, tibbiy xizmat ko‘rsatik punktlari, oshxonalar, novvoyxonalar, chakana savdo shoxobchalari va boshqalar uchun o‘rinlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.