O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari — Abdulaziz Kamilov, Qayrat Abdrahmonov va Rashid Meredov 10 noyabr kuni Samarqandda uch davlat chegaralarining tutash hududi to‘g‘risida shartnomani imzoladi.

Marosim «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston TIV rahbarlari ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilingani haqidagi yorliqlar almashildi. Shunday qilib, 6 mart kuni O‘zbekiston Prezidentining Ashxobodga qilgan davlat tashrifi doirasida imzolanib, ikki davlat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlar kuchga kirdi.