Suriya-Iroq hududida aksilterror kuchlarining harbiy bosimining kuchayishi manzarasida nafaqat harbiy harakatlar teatri geografiyasi, balki terroristlar harakat taktikalari ham o‘zgarmoqda. Bu haqda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijro qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ma’lum qildi.

1−2 noyabr kunlari Toshkentda SHHT MATTning «Terrorizmga qarshi kurash — chegarasiz hamkorlik» beshinchi ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi davlatlar maxsus xizmatlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda Yaqin Sharqda davom etayotgan qurolli mojaro surunkali tus olib, butun jahon hamjamiyati uchun keskinlik o‘chog‘i bo‘lib qolayotgani qayd etildi.

«Xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari Afg‘oniston hududiga ko‘chib, SHHTga a’zo davlatlar chegaralariga juda yaqinlashmoqda hamda «uyqudagi yacheykalar"ni shakllantirish uchun o‘z mamlakatlariga qaytmoqdalar», — dedi Yevgeniy Sisoyev.

Anjuman qatnashchilari terrorizmga qarshi kurash uni moliyalashtirish manbalarini bartaraf etmasdan turib samarasiz kechishini ta’kidlab o‘tdi.