Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Temirova 7 oktyabr kuni o‘quvchilardan birining o‘limiga olib kelgan hodisadan so‘ng vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

6 oktyabr kuni kollej hududida uch nafar o‘quvchi o‘rtasida janjal kelib chiqqan, natijada ulardan biri boshqa ikki o‘quvchiga pichoq bilan tan jarohatlarini yetkazgan edi. Jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlarning urinishlariga qaramasdan bir o‘quvchi — Asadbek Parpiboyev hayotdan ko‘z yumgan.

Adliya vazirligi xabarida keltirilishicha, kollejda sentyabr o‘rtalarida Toshkent yuridik kolleji o‘qituvchilarining murojaati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Xizmat tekshiruvi davomida Toshkent yuridik kolleji faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirishda Natalya Temirova tomonidan ko‘plab qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, kadrlarni ishga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yilgani, xodimlarni ishga qabul qilish, ishda qoldirishda ta’magirlik va qonunbuzilishlar mavjudligi, xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari asossiz qo‘llanilganligi, kadrlar qo‘nimsizligi yildan-yilga oshib borganligi, o‘quv jarayonida hamda bitiruvchilarga diplom berishda qonunchilik talablari buzilganligi, ish yuritish va ijro intizomi masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashilganligi, topshiriq va ko‘rsatmalarning tizimli ravishda bajarilmasligi aniqlandi.

Kollej mehnat jamoasi o‘rtasida guruhbozlik va nosog‘lom muhit shakllanganligi, ma’naviy-tarbiyaviy ishlarning o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi va rahbar xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi oqibatida 6 oktyabr kuni o‘quvchilar tomonidan kollej hududida og‘ir jinoyat sodir etilgan.

Xizmat tekshiruvi davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi hamda bugungi kunda ular tomonidan kollejda tegishli o‘rganishlar olib borilmoqda.

7 oktyabr kuni Prezident devoni, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining mas’ul rahbar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda kollej rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar kollej xodimlari va o‘qituvchilari ishtirokida muhokama qilinib, tashkiliy masala ko‘rildi. Yuqoridagilarga asosan, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan jiddiy xato va kamchiliklari uchun Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Sabirovna Temirova «2-darajali adliya maslahatchisi» maxsus unvon-martaba darajasidan mahrum qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.