O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Temir Jumakadirovning yo‘l-transport hodisasi oqibatida bevaqt vafot etgani munosabati bilan Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayevga hamdardlik maktubi yo‘lladi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Davlat rahbarining maktubida «Mening samimiy ta’ziyamni qabul qiling hamda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik so‘zlarimni yetkazib qo‘yishingizni so‘rayman», — deyiladi.

Temir Jumakadirov ketayotgan avtomobil bilan «KamAZ» rusumli yuk mashinasi ishtirokidagi YTH 7 oktyabr kuni Chuy viloyatining Sadovoy qishlog‘ida sodir bo‘ldi. To‘qnashuv natijasida bosh vazir o‘rinbosari yordamchisi va haydovchi ham hayotdan ko‘z yumgan.