O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 sentyabr kuni Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonovni qabul qildi, deya xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar hamda joriy yil aprel oyidagi Rossiyaga davlat tashrifi doirasida imzolangan ikki mamlakat hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq Rossiya Federatsiyasining Tatariston va boshqa sub’ektlari bilan aloqalar faollashib borayotganini alohida ta’kidladi.

Mavjud ulkan sanoat salohiyati, an’anaviy yaqin hamkorlik va ko‘p asrlik madaniy-tarixiy aloqalar ko‘p qirrali o‘zaro sheriklikni tubdan kengaytirish uchun ishonchli poydevor yaratayotgani qayd etildi.

Tatariston Prezidenti sayti ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yaqin yillarda O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini to‘rt barobarga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi (2016 yilda savdo hajmi 50 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil birinchi yarmida bu hajm ikki barobarga oshgan).

Uchrashuvda neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, avtomobilsozlik, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, axborot texnologiyalari sohasi va boshqa yo‘nalishlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar almashuv va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekistonga tashrifi jarayonida hamkorlik to‘g‘risidagi 10 ta turli hujjat imzolanganini ma’lum qildi.

Dushanba kuni Tatariston rahbari o‘zbek-tatar biznes-forumida ishtirok etdi. Yakshanba kuni esa Rustam Minnixanovning O‘zbekiston tatar diasporasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shanba kuni u Samarqandga tashrif buyurib, tarixiy yodgorliklar va qadimiy shaharning diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishdi.