O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 18 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga keldi.

O‘zAning xabar qilishicha, davlat rahbarini Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm kutib oldi.

Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi umumiy muzokaralarida nutq so‘zlaydi.

Prezident tashrif doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xalqaro valyuta fondi taqsimlovchi direktori Kristin Lagard, Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yon Kim hamda BMT Bosh Assambleyasiga tashrif buyurgan boshqa davlatlar rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari, shuningdek, keng doiradagi O‘zbekiston — Amerika biznes-forumida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so‘nggi bor O‘zbekiston nomidan 2010 yilda mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etib, BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari Sammitida nutq so‘zlagan edi.