Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bazasida zamonaviy va yuqori texnologiyali madaniyat va dam olish bog‘i barpo etiladi. Vazirlar Mahkamasi 4 sentyabr kuni shu haqdagi qarorni qabul qildi.

60 mln AQSH dollari miqdoridagi loyiha Stargate Systems MCHJ investitsiya kiritadi. Golden Pages biznes-ma’lumotnomasida kompaniya sayti sifatida AKFA kompaniyasi guruhining akfa.uz sayti kiritilgan.

Qarorda qayd etilishicha, umumiy maydoni 20,79 ga bo‘lgan bog‘ aholi, eng avvalo yoshlar talabini qondirishi, jahon standartlari darajasida yuqori texnologiyali bo‘lishi lozim.

Loyiha konsepsiyasiga muvofiq, to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan yil davomida kuni 10 ming nafargacha tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatishi lozim.

1 oktyabrga qadar bog‘ bino va inshootlari, attraksionlari, bolalar temir yo‘li demontaj qilinishi, 1 noyabrgacha bog‘ hududi investorga uzoq muddat ijaraga topshirilishi uchun to‘liq shay holatga keltirilishi lozim. Ijara muddati 49 yilni tashkil etib, loyiha 2021 yil 1 yanvarga qadar foydalanishga topshirilishi darkor.

«Gazeta.uz"ga ma’lum bo‘lishicha, bog‘ dushanbadan yopiladi. Dam olish kunlari tashrif buyuruvchilar bog‘da o‘z vaqtlarini o‘tkazishlari va mavjud attraksionlardan foydalanishlari mumkin.

Yangi bog‘da dunyo arxitekturasi durdonalari namunalari, amfiteatr va kartografik favvora, velosiped yo‘lakchasi bo‘lgan oilaviy hudud, attraksionlar va oilaviy hordiq chiqarish uchun boshqa ob’ektlar, yirik savdo-ko‘ngilochar markaz, qasr-saroy ko‘rinishidagi tantanali marosimlar uchun joy, bolalar kafesi va ko‘ngilochar maydoncha barpo etiladi.

Bog‘da ikkita «Amerika tepaligi» attraksioni, ikkita bolalar avtodromi, interaktiv poyezd labirint, tomosha charxpalagi, syorfing uchish imkoniyatini beruvchi dengiz to‘lqinlarini hosil qiladigan suv qurilmasi, shuningdek, to‘rtta o‘rgatilgan delfin ishtirokida shou-dastur namoyish etiluvchi delfinariy bo‘ladi.

Xorijdan keltiriluvchi qurilish materiallari, uskunalar, texnikalar, attraksionlar, audio va videoqurilmalar, delfinlar, qushlar, baliqlar va o‘simliklar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi (bojxona rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari).