2008 yildan buyon moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Mubin Mirzayev iqtisodiyot vazirining makroiqtisodiy siyosat, bank sohasini rivojlantirish va xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 14 avgustdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyot vazirligidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, mazkur lavozim vazirlik tuzilmasida yangi joriy etildi. Ushbu lavozim bilan bir qatorda vazirning investitsion dasturlar va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi ham saqlab qolinadi. Mazkur vazifada Sunatulla Bekenov faoliyat ko‘rsatmoqda.

Prezidentning yana bir qarori bilan iqtisodiyot vazirining makroiqtisodiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Ismoilov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi.

Mubin Mirzayev (1969 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat universiteti, Toshkent moliya instituti hamda Yaponiya Siyosiy tadqiqotlar milliy instituti magistraturasini tamomlagan. 2006−2008 yillarda Markaziy bank Monetar siyosat va iqtisodiy tahlil departamentini boshqargan.