Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Azim Ahmadxo‘jayev va Siemens kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Iskandar Bo‘ronov 24 iyul kuni Berlindagi Germaniya-O‘zbekiston biznes-forumi doirasida o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Siemens mahalliy vakolatxonasidan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Tomonlar energetika, sanoat, transport infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish va xavfsiz binolar, shuningdek ishlab chiqarish sohalarida raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Hujjatda O‘zbekistonda innovatsion texnologiyalarga urg‘u qaratgan holda energetikani rivojlantirishga tayyorgarlik ko‘rish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston korxonalarida «raqamli ishlab chiqarish» texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Innovatsion yechimlarni temir yo‘l transporti sohasiga ham joriy etish ko‘zda tutilgan. Sortirovka stansiyalarini tashkil etish, temir yo‘l infratuzilmalarini elektrlashtirish va avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish belgilangan.