Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirishda bir qator muammolar mavjudligi sababli Farmon bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh qilishning quyidagi muhim yo‘nalishlari belgilandi:

soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish;

soliq solish ob’ektlari va soliq solinadigan bazaning o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta’minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan ishonchli axborotini o‘z muddatida taqdim etish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish;

soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;

makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish ob’ektlarini to‘liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirishni ta’minlash bo‘yicha samarali tadbirlarni amalga oshirish;

faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko‘maklashish, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;

soliq solish masalalari, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;

kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, soliq organlarini yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlar bilan to‘ldirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.

Farmon bilan soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli — soliq monitoringi joriy etilmoqda.

Ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘z vaqtida va samarali xizmat ko‘rsatish maqsadida ular bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga yuklatilmoqda.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar — xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq ta’tillari berish tarzidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakli nazarda tutilmoqda. Shuningdek soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda.

Soliq nazoratining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz shakllari samaradorligini oshirish maqsadida kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida «sog‘lom raqobat"ni ta’minlash va «xufiyona biznes» yuritishga barham berish maqsadida:

davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolati berilmoqda;

soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma’lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta’minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, real ish o‘rinlarini legallashtirish uchun davlat soliq xizmati organlariga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda.

Farmon bilan O‘zbekiston Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Davlat byudjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilib, uning faoliyati byudjet daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta’minlash, soliq va bojxona to‘lovlarining yig‘iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, Davlat byudjeti daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash, soliq solish ob’ektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish ustidan nazoratni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini muvofiqlashtirish va soliq to‘lovchilarga interaktiv davlat xizmatlari taqdim etish amaliyotini kengaytirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Farmon bilan 37 ta banddan iborat Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida Soliq qonunchiligi va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha Ishchi komissiya tashkil etildi. Ushbu komissiyaga, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifalari yuklatildi:

soliq ma’muriyatchiligi va nazoratini tashkil etish tartibi va metodologiyasini tubdan takomillashtirish;

soliq yukini yanada kamaytirish, bir xil soliq solish ob’ektlariga ega bo‘lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni birlashtirish;

soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash uchun qo‘shimcha mezon (oborotning chegaraviy miqdori) joriy etishni va ushbu miqdor oshgan korxonaga, kichik tadbirkorlik sub’ekti maqomini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha soliq majburiyatlarini belgilash;

ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish;

halol, shu jumladan ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash fondini legallashtiradigan soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish choralarini joriy etish.

Farmonga muvofiq, 2018 yilning 1 yanvariga qadar tadbirkorlik sub’ektlarini elektron raqamli imzo bilan, shuningdek soliq to‘lovchilarga soliq organlarining barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini to‘liq ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Farmon qoidalarining amalga oshirilishi soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi, uning shaffofligini ta’minlaydi, bu esa, shubhasiz, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida o‘z aksini topadi.