«Turkmenistan» aviakompaniyasi yil oxiriga qadar Ashxobod-Toshkent-Ashxobod yo‘nalishi bo‘yicha aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Reysning ochilishi bilan bog‘liq masalalar 28 va 30 iyun kunlari Toshkentda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi va turkman aviatashuvchisi vakillari uchrashuvida muhokama qilindi.

MAK matbuot xizmatining xabar qilishicha, tomonlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turkmaniston aviakompaniyasi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish va bort oziq-ovqati bilan ta’minlash to‘g‘risidagi shartnomalarni imzoladi.

Muzokaralarda tashuvga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish va har ikki aviatashuvchiga sherik tomonning reyslariga aviachiptalarni rasmiylashtirish huquqini beruvchi tijoriy interlayn-kelishuv loyihasi ham ko‘rib chiqildi.