23−27 oktyabr kunlari Toshkentda paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mitaning «Globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida paxta» mavzusidagi 76-yalpi majlisi hamda XIII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasini o‘tkazishga tayyorgarlik boshlab yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoyishida so‘z boradi, deb xabar qildi «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi matbuot xizmati.

Yig‘ilish va yarmarkada dunyoning 44 dan ortiq mamlakatidan 1500 ga yaqin xorijiy mehmon hamda mahalliy mutaxassislarning ishtirok etishi kutilmoqda. Ma’lum bir mamlakatlarda paxta va to‘qimachilik sohasi rivojlanishi, jahon paxta bozori tendensiyalari, savdo, logistika va sug‘urta masalalariga bag‘ishlangan 16 ga yaqin ochiq va mavzuli sessiyalar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Paxtaning seleksion navlarini yaratishning genetikasi va biotexnologiyasi, paxta yetishtirish agrotexnikasi, uni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish masalalari ham keng muhokama etiladi. Paxtaga birlamchi ishlov berish, paxta tolasi sifatini instrumental baholash, uni to‘qimachilik yo‘li bilan qayta ishlash sohalaridagi muammo va yutuqlarga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Xorijlik ekspertlar, amaliyotchi mutaxassislar, tahlilchilar, marketologlar va olimlar bilan birga yig‘ilishlarda mahalliy ilmiy tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlarining yosh olimlari va talabalari ham ishtirok etishlari nazarda tutilgan.

An’anaga ko‘ra, Yalpi majlis doirasida «Yil olimi» xalqaro mukofoti ham topshiriladi. Ma’lumki, 2013 yilda mazkur nufuzli mukofotga o‘zbekistonlik seleksioner olim, genomika va bioinformatika Markazi direktori, O‘zFA vitse-prezidenti, fan doktori, professor I.Abdurahmonov sazovor bo‘lgan edi.

Ta’kidlash kerakki, 2016 yilda «O‘zpaxtasanoateksport» kompaniyasi tomonidan XII xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi yuqori saviyada o‘tkazilib, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgach, ana shunday keng miqyosdagi xalqaro forumni o‘tkazish imkoniyati tug‘ildi.