O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi, deb xabar qildi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur farmon asosida tashkil qilinayotgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Innovatsiya markazining maqsadi iqtisodiyot sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish jarayonlarini markazlashtirish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiquvchilari va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar, preferensiyalarni taqdim etishdan iborat. Natijada, mamlakatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi taraqqiy etib, dasturiy ta’minot sanoati rivojlanadi, eksportbop AKT-ishlanmalar ko‘lami kengayadi.

Innovatsiya markazi hududiylik tamoyili asosida tashkil qilinadi. Ya’ni, AKT mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish, ishlab chiqaruvchilarga maksimal darajadagi maqbul sharoitlarni yaratib berish maqsadida, mamlakatning xohlagan hududida faoliyat olib borayotgan IT-ishlab chiqaruvchilariga mazkur tuzilmaga a’zo bo‘lish huquqi beriladi. Innovatsiya markazining ishlash muddati 10 yilni tashkil qilib, kelgusida uni uzaytirish imkoniyati saqlab qolinadi.

Farmonda Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • Innovatsiya markazi rezidentlariga ichki va tashqi bozorlarga mo‘ljallangan raqobatbardosh AKT loyihalarni amalga oshirishlari uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish;
  • oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining «axborot texnologiyalari» mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
  • AKT sohasi uchun kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilish;
  • iqtidorli yoshlarning startap IT-loyihalarini, axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish sohasida istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsion loyihalarini amalga oshirishda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvatlash.

Farmonga muvofiq Innovatsiya markazi rezidentlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda qator imtiyoz va preferensiyalar ko‘zda tutiladi.

Birinchidan, 2028 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga:

  • barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalarni, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan;
  • o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
  • o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan kelib tushadigan valyuta tushumining qismini majburiy sotishdan ozod etilgan.

Ikkinchidan, Innovatsiya markazi rezidentlarining xodimlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar, jumladan 2028 yilning 1 yanvarigacha olingan mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan qayd qilingan stavka bo‘yicha 7,5 foiz soliq undirilishi, fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foiz stavka bo‘yicha sug‘urta badallari to‘lashlari ko‘zda tutilgan. Bunda soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmasligi belgilangan.

Uchinchidan, Innovatsiya markazi rezidentlariga o‘zi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan kelib tushgan pul mablag‘lari doirasida xodimlarga ish haqini va dividendlarni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan naqd bo‘lmagan shaklda O‘zbekiston hududida chet el valyutasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek Internet tarmog‘idagi onlayn do‘konlari orqali eksport shartnomasi mavjud bo‘lmasdan ishlar va xizmatlar eksportini chet el valyutasida amalga oshirish huquqi berilgan.

Shuningdek, Farmon bilan Innovatsiya markazini rivojlantirishga ko‘mak berish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Aytish joizki, mamlakatda bunday Innovatsion markaz ilk marotaba tashkil qilinmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi kompaniya — ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari moddiy emas, aqliy mehnatni talab qilgani, ularni yaratishda xorijdan xomashyo talab qilinmasligi, mahsulotni kamxarj evaziga yaratish bois, bunday mahsulotlar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan xizmatlar sirasiga kiradi. Shularni hisobga olsak, Innovatsiya markaziga a’zo AKT-muassasalarining jadal rivojlanishlarini kutish mumkin.

Farmon asosida dasturiy ta’minot va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar, O‘zbekistonning geografik joylashuvini cheklagan holda, jahon bozoriga yuqori raqobatbardosh mahsulotlarni chiqarish imkonini beradi.

Farmon bilan ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh korxonalarni tashkil etishni hamda rasmiy ish haqini oshirish orqali yuqori malakali dasturchilarni rag‘batlantirish va saqlab qolishga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida, dasturiy mahsulotlar va hizmatlar eksportini rag‘batlantirishga hamda chet elga yuqori malakali mutaxassislarning ketib qolishi oldini olish uchun shart-sharoitlar yaratadi.