O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi, deb xabar berdi O‘zA.

Uchrashuvda uzoq muddatli hamkorlikning amaldagi loyihalarini amalga oshirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qazib olinadigan tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga doir yangi loyihalar, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Vagit Alekperov O‘zbekiston bilan neft-gaz sohasida keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda «Lukoyl» kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz neft-gaz sohasidagi qo‘shma loyihalarga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 6,3 milliard dollarni tashkil etadi.