O‘zbekistonlik astronomlar 25 may kuni Qashqadaryo viloyatidagi Hisor tog‘ tizmalarida joylashgan Maydanak observatoriyasida o‘ta yangi yulduzni chaqnashini qayd etishdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi saytida xabar qilindi.

Chaqnash Yetti qaroqchi yulduz turkumidagi NGC 3938 raqamli spiral gallaktikada ro‘y berdi. SN 2017ein raqami berilgan o‘ta yangi yulduz Maydanak observatoriyasida dunyoning yetakchi observatoriyalari bilan hamkorlikda yaqin gallaktikalar monitoringi dasturi doirasida aniqlandi.

O‘zbekiston astronomlari mazkur yulduz chaqnog‘idagi o‘zgarishlarni batafsil o‘rganish maqsadida SN 2017ein ustidan muntazam ravishda kuzatuvlarni davom ettirmoqda.

Ayrim yulduzlar o‘z rivojlanishining so‘nggi bosqichida portlaydi. Bu paytda yulduz ichidagi qizib turgan katta miqdordagi moddalar tashqariga otilib chiqadi. Uning o‘rnida Yerdan turib ko‘rish qiyin bo‘lgan yoki kuzatish deyarli imkonsiz yorqin yulduz paydo bo‘ladi.

Bu kabi hodisalarning chuqur o‘rganilishi dunyoning yaratilishi haqidagi fundamental savollarga javob olishga imkon yaratadi. Qoldiq vazniga bog‘liq ravishda portlagan yulduzlar o‘rnida neytron yulduzlar yoki qora tuynuk paydo bo‘lishi mumkin, deya qayd etiladi FA saytida.