Bobur nomidagi Toshkent Markaziy ekobog‘i chorshanba kuni qisqa tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda bog‘ning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilindi.

Bog‘ning rasmiy ochilish marosimi shanba kuni bo‘lib o‘tgan edi. Oradan ikki kun o‘tib qo‘shimcha ishlar o‘tkazish zaruriyati borligi munosabati bilan 19 iyungacha yopilishi xabar qilindi.

«Ekobog‘ bugundan odatdagi tartibda: 10:00 dan 23:00 gacha ishlaydi», — deyiladi bog‘ xabarida.

Bog‘ ma’muriyatidan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, tugallanmagan ishlar — yugurish va velosiped uchun yo‘laklarni bo‘yash, sug‘orish tizimini o‘rnatish va boshqalar — dushanba kuniga qadar amalga oshiriladi.