«Surxon» (Termiz) va «Andijon» (Andijon) professional klublarining sakkiz nafar o‘yinchisi O‘zbekiston birinchi ligasi 13-turi uchrashuvi jarayonidagi tajovuzkor harakatlari uchun qizil kartochka olishdi, deb xabar qildi Professional futbol ligasi (PFL) matbuot xizmati.

4 iyun kuni Termizda bo‘lib o‘tgan va 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuvning to‘rtinchi daqiqasida mushtlashuv sodir bo‘ldi. Har ikki klubning to‘rt nafardan futbolchisi va «Surxon» shifokori maydondan chetlatildi.

O‘zbekiston havaskor va yarim professional futbol klublari o‘rtasida futbol bo‘yicha musobaqalar reglamentini buzgani uchun «Surxon» va «Andijon» jarimaga tortildi.

Hodisa takrorlangan taqdirda yanada qat’iy choralar ko‘riladi, jamoalarning rahbarlik va murabbiylik shtabi lavozimlarini egallab turganlarga nisbatan tegishli savollar qo‘yildi.

«Surxon» tarkibida Timur Mamadaliyev (9 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima), Sanjar Shomurodov (mavsum oxiriga qadar diskvalifikatsiya va jarima), Najmiddin Normurodov (5 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima), Akmal Abdurahmonov (2 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima) va klub shifokori Fahriddin Abdusamatovga (O‘FF va PFL shafeligi ostidagi musobaqalarga kiritmaslik shartidan bilan lavozimidan ozod qilish) nisbatan tajovuzkor xatti-harakati uchun санкцияларqo‘llanildi.

«Andijon» tarkibida esa Ibrohim Otaxonov (4 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima), Farhod Bekmurodov (3 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima), Sanjar Asqaraliyev (4 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima) hamda Akbar Xo‘jayevga (2 uchrashuvga diskvalifikatsiya va jarima) jazo choralari qo‘llanildi.

Video