O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev Tehrondagi terroristik bosqinchilik munosabati bilan Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyga hamdardlik bildirdi, deb xabar qildi O‘zA.

«Eronning parlament binosida hamda Oyatullo Homeyniy maqbarasida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab insonlarning nobud bo‘lgani va og‘ir jarohat olgani haqidagi xabar bizni qattiq qayg‘uga soldi», — deyiladi maktubda.

«O‘zbekiston ushbu qabih terrorchilik xurujlarini, ular qanday shakl va mazmunda bo‘lishidan qat’iy nazar, keskin qoralaydi hamda mazkur baloga qarshi xalqaro miqyosda hamkorlik qilish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi», — deb ta’kidlanadi unda.

Prezident qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohat olganlarni tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tiladi.

Terakt munosabati bilan 12 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 42 kishi jarohatlandi.