6 iyun kuni poytaxtdagi Xalqlar do‘stligi xiyobonida Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludining 218 yilligiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi, deb xabar qildi O‘zA.

Shoir haykali qarshisida turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari, diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, o‘qituvchilar, yoshlar to‘plandi.

Marosimda Pushkin she’rlaridan namunalar o‘qildi. Yig‘ilganlar shoir haykali poyiga gullar qo‘ydi.

«O‘zbekistonda Pushkin tavalludi kuni keng nishonlanishi yaxshi an’anaga aylangan, — deydi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev. — O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Pushkin haykalining ushbu fayzli xiyobonda qad rostlagani O‘zbekistonda millatlararo do‘stlikni, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni tobora mustahkamlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir».

«Yuksak insoniy fazilatlar, hayotga, Vatanga, o‘z xalqiga muhabbat Alisher Navoiy va Pushkin ijodida birday tarannum etilgan, — deydi Rus milliy madaniyat markazining Yangiyo‘l shahri bo‘linmasi vakili, adabiyot o‘qituvchisi Lyubov Sherbakova. — Har ikki shoir ijodida millat ruhiyati g‘oyat teran ifodalangan».

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri san’atkorlari, Rus milliy madaniyat markazi qoshidagi badiiy jamoa tomonidan musiqiy kompozitsiya namoyish etildi.

Mamlakat bo‘ylab shoir tavalludiga bag‘ishlangan pushkinxonlik tadbirlari, mushoiralar, ma’rifiy anjumanlar davom etmoqda.