O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotlarni qayta ishlash, quritish, sharbat tayyorlash va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Fruit industries korxonasi qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Bu yerda 6 gektar maydonda ko‘chat yetishtiriladigan issiqxona, 255 gektar maydonda tomchilatib sug‘oriladigan intensiv bog‘ tashkil etiladi, 615 gektar maydonda sabzavot yetishtiriladi, 7 ming tonna meva-sabzavotni saqlashga mo‘ljallangan muzlatgich quriladi. Korxonani shu yilning uchinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu yerda yiliga 30 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlanadi, 1250 ish o‘rni yaratiladi.

Yangi korxona «Toshkent vino kombinati» AJ va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 24 million dollarni tashkil etadi.

Prezident korxonaning dastlabki bosqichi — meva-sabzavotlarni quritish liniyasining ish boshlashiga bag‘ishlangan ramziy tugmani bosdi. Karam va lavlagi misolida texnologik liniyaning ish jarayonini kuzatdi. Quritilgan mahsulotlar namunalari bilan tanishdi.

Davlat rahbari Xo‘jaobod tumanidagi «Navigul» qo‘shma korxonasi hududida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, muzlatish va sotishga ixtisoslashtirilgan yirik logistika kompleksi loyihasi bilan ham tanishdi. «Navigul» O‘zbekiston — Germaniya qo‘shma korxonasida tomat pastasi, quritilgan bulg‘or qalampiri, baqlajon, olma, olcha, o‘rik qoqisi singari mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Asaka tumanidagi «Obod turmush orzusi» fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni quritish va muzlatgich tashkil etish, «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi va tijorat banklari hamkorligida 2017−2018 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan oziq-ovqat sohasini rivojlantirish dasturi loyihalari namoyish etildi.

Prezident mazkur loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi korxonalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Yangi tashkil etilayotgan korxonalarga xomashyoni vaqtida yetkazib berish lozimligi ta’kidlandi.

Shu yerning o‘zida davlat rahbariga «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi va tijorat banklari hamkorligida viloyatda 2017−2018 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan charmpoyabzal sohasini rivojlantirish dasturi va sohaga doir boshqa loyihalar, bozorlar infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar bilan tanishar ekan, tayyorlanadigan mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga yetkazish, ekportga ham chiqarish choralarini ko‘rish zarurligini qayd etdi.