Rossiyada futbol bo‘yicha FIFA 2017 konfederatsiyalar kubogi va 2018 yilgi jahon chempionati o‘tkaziladigan davrda chet el fuqarolarini migratsion hisobga qo‘yish tartiblariga o‘zgartirishlar kiritiladi.

To‘rtta shahar — Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi va Qozonda 2017 yilning 1 iyunidan 12 iyuligacha chet el fuqarolarini migratsion hisobga qo‘yish muddati Rossiyaga kelgan kunidan boshlab bir sutkagacha qisqartirildi. Xuddi shunday talab 2018 yilning 25 mayidan 25 iyuligacha Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-na-Donu, Samara, Saransk va Sochida ham amalda bo‘ladi.

O‘zbekiston TIV mamlakat fuqarolariga mazkur o‘zgarishlarni albatta hisobga olishlarini tavsiya qildi. «Zero o‘z vaqtida migratsion hisobga qo‘ymaslik ma’muriy tartiblarni buzganlik deb baholanishi va keyinchalik Rossiya hududiga kirishga cheklov qo‘yilishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi TIV xabarida.