O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxt bo‘ylab safari jarayonida shanba kuni Yashnobod tumanidagi «Toshkent qog‘ozi» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi O‘zA.

«Toshkent qog‘ozi» mas’uliyati cheklangan jamiyatining umumiy yer maydoni 12 gektardan ziyod, bino va inshootlar maydoni 4,5 gektar. Bu yerda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur infratuzilma, tayyor imkoniyat mavjud.

Prezident bu yerdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, zavod binolarini ishbilarmon va tadbirkorlarga imtiyozli asosda ijaraga berish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Shu yerning o‘zida Yashnobod tumanida amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Tijorat banklari ko‘magida tumanda dori va tibbiyot vositalari, maxsus kiyimlar, yog‘ va yem mahsulotlari, travertin va marmar plitalar, sim o‘ramlari ishlab chiqarish, ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy bozor va xususiy klinika tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.